Rahbariyat
Bosh sahifa Biz haqimizda TIV Diplomatik xizmat departamenti tarixi
DUK "Xizmat diplomatik servisi" O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida
1988-yil 1-noyabrda O‘zbekistonda diplomatik va boshqa xorijiy vakolatxonalar hamda ularning xodimlari uchun sharoitlarni tubdan yaxshilash maqsadida Toshkent shahrida Diplomatik va ularga tenglashtirilgan xorijiy vakolatxonalarni xizmat ko‘rsatish xo‘jalik hisobi boshqarmasi (ToshUPDK) tashkil etildi.
1992-yilda ToshUPDK O‘zbekiston Respublikasi TIV huzuridagi Diplomatik xizmat ko‘rsatish xizmatiga aylantirildi. 1993-yilda Vazirlar Mahkamasining 247-sonli Qaroriga binoan Diplomatik xizmat ko‘rsatish xizmati diplomatik va ularga tenglashtirilgan xorijiy vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatishda yagona buyurtmachi sifatida belgilandi va ular faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.
2018-yil 5-aprelda Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish va tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun javobgarlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5400-son Farmoniga muvofiq, Diplomatik xizmat ko‘rsatish xizmati negizida O‘zbekiston Respublikasi TIV huzurida Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tashkil etildi.
2019-yil 2-iyulda Vazirlar Mahkamasining 550-sonli Qarori bilan Byuro diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatishda yagona buyurtmachi etib belgilandi. Qarorga muvofiq, Byuro oldiga quyidagi asosiy vazifalar qo‘yildi:
- Diplomatik vakolatxonalar faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish, kompleks xizmatlar ko‘rsatish;
- Diplomatik vakolatxonalar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish;
- O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan tadbirlarni bajarish;
- Diplomatik vakolatxonalar uchun bino va turar-joylar qurish, rekonstruksiya qilish;
- Vakolatxonalarga mo‘ljallangan binolarni ijaraga berish, oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda vositachilik qilish va ularni ekspluatatsiyasini ta’minlash.
Byuro, shuningdek, akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarga yer maydonlari va binolarni ijaraga olish va sotib olish, yangi ofis va turar-joy binolari qurilishi, mulkni ekspluatatsiya qilishda ko‘maklashadi.
Muvofiq xizmatlar qatoriga quyidagilar kiradi:
- VIP zal orqali kutib olish va kuzatish, vizalar bilan bog‘liq yordam, aviachiptalar rasmiylashtirish;
- Radiotexnik stansiyalar o‘rnatish va asbob-uskunalarni olib kirish uchun ruxsatnomalar olishda yordam;
- Bojxona xizmatlari bo‘yicha ko‘mak (yuklarni deklaratsiya qilish, saqlash, rasmiylashtirish);
- Mahalliy xodimlarni ishga joylashtirish, mehnat daftarchalariga yozuv kiritish;
- Diplomatik transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqamlarini berish, texnik ko‘rikdan o‘tkazishda yordam;
- Diplomatik pochta yuborish va qabul qilish;
- Xavfsizlikni ta’minlash.
Bundan tashqari, Byuro diplomatlar uchun madaniy va sport tadbirlarini tashkil etadi: shaxmat va mini-futbol turnirlari, milliy taomlar festivali, Buxoro, Samarqand va Xiva bo‘ylab sayohatlar.
Agar 1992-yilda O‘zbekistonda 14 ta diplomatik vakolatxona akkreditatsiya qilingan bo‘lsa, bugungi kunda Byuro 2361 ta xorijiy vakolatxona va korxonaga xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan: elchixonalar – 46 ta, faxriy konsulliklar – 14 ta, xalqaro tashkilotlar – 57 ta, xorijiy firmalar va kompaniyalar vakolatxonalari – 845 ta, xorijiy investitsiyali korxonalar – 1399 ta.